суббота, 3 августа 2019 г.

Kasallik oldini olish yo’lida…..

2017 yilda yuqumli kasalliklarga qarshi emlash uchun sarflanadigan mablag‘lar to‘liq davlat byudjeti hisobidan qoplangandi. Ushbu tadbirlar uchun uchun 42,3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va emlash qamrovi 99,5 foizga yetkazilgandi Natijada, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan O‘zbekiston qizamiq va qizilcha kasalliklaridan xoli hudud deb e’tirof etildi. 2018 yilda bu yo‘nalishdagi ishlar uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar 105 milliard so‘mga yetkazildi. Bu yilga kelib,  barcha o‘smir qizlarni papilloma virusiga qarshi emlash bilan to‘liq qamrab olish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bilamizki, poliomiyelit, ya’ni shol bilan asosan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar xastalanadi. Uning asoratlari ko‘pincha nogironlikka olib keladi, ayrim hollarda o‘lim bilan tugaydi. Kasallikning oldini olishning birdan-bir chorasi emlashdir. Inaktivlashtirilgan poliomiyelit vaksinasi (IPV) shu vaqtga qadar qo‘llanib kelingan oral poliomiyelit vaksinasi (OPV)dan ichaklar shilliq qavatida mustahkam immunitet hosil qilishi bilan farqlanib, virusning odamdan odamga o‘tishining to‘la oldini oladi. Yangi vaksina xavfsizligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maxsus sertifikati bilan kafolatlangan. Emlash in’eksiya yo‘li bilan amalga oshiriladi.
IPVning keng qamrovli joriy etilishi poliomiyelitni global miqyosda bartaraf etish rejasining qismi bo‘lib, ayni chog‘da dunyodagi barcha bolani ushbu vaksina bilan emlash bo‘yicha YUNISEF va JSST tomonidan qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, mamlakatimiz Milliy immunizatsiya dasturini kuchaytirish va barqarorligini ta’minlashda amaliy hamda konsultativ yordam ko‘rsatilayapti. Xususan, ushbu xalqaro tashkilotlar ko‘magida yangi vaksina xarid qilindi.

O‘zbekiston 2002 yili poliomiyelitdan holi hudud maqomiga erishgan bo‘lsa-da, milliy immunizatsiya kalendariga yangi vaksinaning kiritilishi mazkur kasallikning qaytadan paydo bo‘lishi va tarqalishining oldini olish va hech bir bola falaj bo‘lmasligini ta’minlash tomon qo‘yilgan muhim qadamdir.

Комментариев нет:

Отправить комментарий