среда, 14 августа 2019 г.

Emlashgacha nima qilish kerak?

Emlanayotgan bola sog‘lom bo‘lishi shart. Emlashga olib boriladigan bolaning harorati, kayfiyati, uyqusi, ishtahasi me’yorida bo‘lishi, turli shikoyatlar bo‘lmasligi lozim. Tana haroratining baland bo‘lishi bola organizmida infeksiya mavjudligidan darak, uning immuniteti zo‘riqish holatida bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda bolaning emlanishi immunitetning yanada zo‘riqishi va qo‘shimcha kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin.


Bolaning qorni juda och ham, juda to‘q ham bo‘lmasligi kerak. Tiniqib uxlagan, xotirjam bo‘lishi zarur. Bola bog‘chaga boradigan bo‘lsa, emlashgacha bir necha kun bormay turgani ma’qul. Ayniqsa turli kasalliklar mavsumida bunga alohida e’tibor qaratish lozim.
Bola emlangunga qadar, emlanayotganda va emlashdan keyin turli odamlar bilan muloqotda bo‘lmasligi kerak. Emlashdan avval ikki-uch kun va emlashdan keyin ikki-uch kungacha bolani odam ko‘p yig‘iladigan joylarga, mehmonga, turli tadbirlarga olib bormagan ma’qul. Bola turli infeksiyalarni yuqtirib olishi mumkin. Umuman, bolaning kasal bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lib turganda, deylik, oilada kimdir yuqumli kasallikka chalinganda emlatishni kechiktirib turish kerak. Emlatish uchun klinikaga olib borilganda ham navbat kutib, yo‘lakda turish kerak emas. Kasallik yuqtirib olish mumkin.
Bola emlanayotganda allergiya qo‘zg‘almagan bo‘lishi lozim. Bolada allergiya tez-tez qo‘zg‘ab tursa, oxirgi qo‘zg‘algan vaqtdan 3 hafta o‘tkazib emlatgan ma’qul.
Agar bolaga D vitamini berayotgan bo‘lsangiz, uni ham ikki-uch kun to‘xtatib turish kerak. D vitamini organizmda kalsiy so‘rilishida muhim rol o‘ynaydi. D vitaminining me’yordan oshirib yuborilishi allergiya qo‘zg‘alish ehtimolini oshirishi mumkin.
Bola oshqozoniga yuk qancha oz bo‘lsa, emlash shuncha oson o‘tadi. Bolaga sun’iy sut yoki bo‘tqa berilayotgan bo‘lsa, emlanadigan kun va keyingi kun miqdorini kamaytirib turish tavsiya qilinadi. Ya’ni bolaning qorni ochmaguncha ovqat bermagan ma’qul. Emiziladigan bolalarda oshqozonga ortiqcha yuk mammosi bo‘lmaydi, aksincha, ona suti bolaning emlashdan keyingi reaksiyadan oson o‘tishiga yordam beradi.
Bir kun davomida bolaning ichi kelmayotgan bo‘lsa, emlashni keyinga qoldirish kerak. Bolaning ichi yaxshi kelmasligi, ich qotishi emlashning og‘ir o‘tishiga sabab bo‘ladi.
Bolani turli dori-darmonlar bilan emlashga tayyorlab bo‘lmaydi. Ayrim ota-onalar bola emlashdan oson o‘tishi uchun turli antigistaminlar, tinchlantiruvchi dorilar berishadi. Shifokorning ko‘rsatmasisiz bolaga dori berish mumkin emas.

Kuchli issiq, sovuq yoki epidemiya sharoitida emlashni qoldirish kerak. Havo haroratidagi bola ko‘nikmagan o‘zgarishlar – yozning jaziramasi, qishning qahratonida emlatishni qoldirib turgan ma’qul.

Комментариев нет:

Отправить комментарий